MUNOSABAT
2025-yil dekabr oyida bir qator ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro muhandislik-texnologiya institutida faoliyat olib borgan Dilshod Kamolov tomonidan turli murojaatlar e’lon qilingan.
Mazkur murojaatlar yuzasidan shuni ma’lum qilamizki, Dilshod Kamolov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 161-moddasi ikkinchi qismi 4-bandiga muvofiq, qonunchilikda belgilangan tartib va asoslar doirasida bekor qilingan. Xodimning lavozimidan ozod etilishi jarayonida amaldagi mehnat qonunchiligi talablariga to‘liq rioya etilgan.
Shu bilan birga, Dilshod Kamolov tomonidan ishga tiklash to‘g‘risida kiritilgan da’vo arizasi sud tartibida ko‘rib chiqilgan bo‘lib, mazkur da’vo birinchi instansiya, apellyatsiya hamda taftish instansiyalarida atroflicha o‘rganilgan. Jumladan, Buxoro viloyati fuqarolik ishlari bo‘yicha sudining sudlov hay’ati tomonidan ushbu masala ko‘rib chiqilib, Dilshod Kamolovning talablari to‘liq rad etilgan.
Bundan tashqari, Dilshod Kamolov tomonidan nazorat tartibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga kiritilgan da’vo ham belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, rad etilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, mazkur holatda Buxoro muhandislik-texnologiya instituti tomonidan hech qanday qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilmaganini, barcha harakatlar amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq amalga oshirilganini ma’lum qilamiz.
07.01.2026 yil