Mazkur tashrif doirasida kompaniya vakillari universitet rektori Sadoqat Siddiqova bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda zamonaviy texnologiyalarni ta’lim jarayoniga joriy etish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.
40 yildan ortiq tajribaga ega DESOI kompaniyasi beton konstruktsiyalarni ta’mirlash, yer va inshootlarni mustahkamlash, suv o‘tkazmasligini ta’minlash hamda sanoat obyektlarini innovatsion usullar bilan tiklashga xizmat qiluvchi uskunalar ishlab chiqaradi.
Hamkorlik doirasida qurilish sohasi, ayniqsa, madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish yo‘nalishida yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish hamda DESOI texnologiyalari asosida o‘quv dasturlari va amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish rejalashtirilgan.
Bu hamkorlik O‘zbekistonning tarixiy-me’moriy obidalarini, xususan, Buxoro shahridagi madaniy meros obyektlarini zamonaviy va samarali usullar bilan asrash va tiklashga xizmat qiladi.
