Senatning fan, taʼlim va sogʼliqni saqlash masalalari qoʼmitasi raisi Odiljon Iminov, senator Abira Huseynova Buxoro muhandislik-texnologiya institutiga tashrif buyurdi.

 Tashrif davomida ishchi guruh vakillari institutda yaratilgan shart-sharoitlar, xususan “Kiberneftgaz” oliy muhandislik maktabi, Registrator ofisi, “Mashinasoz” texnoparki bilan yaqindan tanishib chiqishdi.

Buxoro muhandislik-texnologiya instituti rektori Sadoqat Siddiqova:

– "KiberNeftGaz" oliy muhandislik maktabida birinchi yil talabalar korxonalar buyurtmasi asosida yangi mahsulotlarni loyihalashtiradi, ilmiy izlanishlar o‘tkazadi, bu borada chuqurlashgan modul dasturlar asosida o‘qitiladi. Ikkinchi yil yangi mahsulotlar bo‘yicha tajriba-konstruktorlik namunalarini yaratish bilan bog‘liq texnologik jarayonlarni korxonalarda sinovdan o‘tkazadi. Har bir magistrlik dissertatsiyasi mavzusi korxonaning aniq bir muammosi yechimini topishga qaratilgan startap loyiha sifatida bajariladi.

 

Senator Odiljon Iminov o’rganish davomida institutda tahsil olayotgan doktorantlar bilan ilmiy ishning ahamiyati,  samaradorligi va uni maqsadli yo‘naltirish bo‘yicha suhbat olib bordi.

  Suhbat davomida “Transport muhandisligi va metallar texnologiyasi” kafedrasi tayanch doktoranti Mirzo Yo‘ldoshev “Texnologik jihozlarning elektroavtomatikasini mantiqiy boshqarish dasturini sinash va ishlab chiqarishga tadbiq qilish” mavzusidagi ilmiy tadqiqot ishining dolzarbligi va ishlab chiqarish jarayoniga tadbiq etish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

  Shuningdek ilmiy ishining maqsadi dasturiy ta’minot bilan amalga oshirilgan elektroavtomatika tekshirgichining ishlashini sinovdan o‘tkazish va modullari rivojlanishining dastlabki bosqichlarida xatolarni aniqlash ekanligini ta’kidladi.