Joriy yilning 8–9 aprel kunlari Malayziyaning Melaka shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Malayziya fan va ta’lim vazirligi, O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi, Buxoro davlat texnika universiteti hamda Universiti Teknikal Malaysia Melaka hamkorligida “Malayziya – O‘zbekiston: Birinchi xalqaro olima ayollar forumi” tashkil etildi.
Forum tantanali ravishda ikki davlat madhiyalari sadolari ostida boshlandi. Tadbirda O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi Karomiddin Gadoyev, Malayziya Oliy ta’lim bosh direktori Azlinda binti Azman hamda Melaka shtati gubernatori Mohd Ali bin Mohd Rustam kirish so‘zlari bilan chiqish qilib, ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy va ta’lim sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollariga alohida to‘xtalib o‘tdilar.
Shuningdek, forumni Sadoqat Siddiqova ochib berar ekan, ayol olimalarning ilm-fan rivojidagi o‘rni, ularning innovatsion g‘oyalari hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishdagi ahamiyatini alohida ta’kidladi.
Forum doirasida keng ko‘lamli biznes-forum, shuningdek, “O‘zbekiston – Malayziya” fan, ta’lim va madaniyat ko‘rgazmalari tashkil etildi. Mazkur platformalar turli hududlardan tashrif buyurgan oliy ta’lim muassasalariga o‘z ilmiy salohiyati, innovatsion ishlanmalari va ta’lim imkoniyatlarini Malayziya auditoriyasiga keng namoyon etish imkonini yaratdi.
Ko‘rgazmalar davomida ikki davlatning boy tarixiy merosi, milliy qadriyatlari va o‘ziga xos madaniyatini aks ettiruvchi rang-barang ekspozitsiyalar hamda zamonaviy yondashuv asosida tashkil etilgan tematik stendlar namoyish etildi. Ushbu ko‘rgazmalar forum ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otib, ilmiy va ta’limiy aloqalar bilan bir qatorda madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Mazkur forumda O‘zbekiston va Malayziya oliy ta’lim muassasalari rektorlari, prorektorlari hamda delegatsiyalari faol ishtirok etdi. Tadbir doirasida ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan 30 ga yaqin muhim kelishuvlarga erishildi.
Jumladan, Buxoro davlat texnika universiteti hamda Sultan Idris Education University, Tun Hussein Onn University of Malaysia hamda Universiti Teknikal Malaysia Melaka o‘rtasida o‘zaro hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Mazkur kelishuvlar oliy ta’lim tizimida tajriba almashish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, akademik mobillikni rivojlantirish hamda zamonaviy ta’lim dasturlarini joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ushbu forum ikki mamlakat o‘rtasida ilm-fan, ta’lim va innovatsiyalar yo‘nalishida yangi bosqichni boshlab beruvchi muhim xalqaro platforma sifatida e’tirof etildi.
